“Ipak yo‘li durdonasi” XV Toshkent xalqaro kinofestivali ishtirokchilariga
07.10.2023 98 views
Hurmatli kinofestival qatnashchilari!
Muhtaram mehmonlar!
Xonimlar va janoblar!
Avvalo, siz, azizlarni – dunyoning turli mamlakatlaridan diyorimizga tashrif buyurgan kino san’atining mohir ustalari, taniqli madaniyat va san’at arboblarini “Ipak yo‘li durdonasi” XV Toshkent xalqaro kinofestivalining ochilishi bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
O‘zbek xalqi azaldan o‘zining qadimiy tarixi, boy madaniyati, nafosat va go‘zallikka mehr va e’tibori, jumladan, kino san’atini munosib qadrlashi bilan nom qozonib keladi. Milliy va jahon kino san’atining yetuk namoyandalari tomonidan yaratilayotgan yuksak saviyali filmlar yurtimizda odamlarning, birinchi navbatda, yoshlarning ongi va tafakkurini insonparvarlik, do‘stlik va hamjihatlik g‘oyalari asosida shakllantirishdek ezgu ishga katta hissa qo‘shmoqda.
Biz aynan mana shu omillarni hisobga olgan holda, 2021-yilda Toshkent xalqaro kinofestivalini “Ipak yo‘li durdonasi” degan yangi nom bilan qayta tiklab, uni “Tinchlik, ma’rifat va taraqqiyot uchun” shiori ostida o‘tkazishni yo‘lga qo‘ydik.
O‘tgan qisqa vaqt ichida el-yurtimiz, millionlab tomoshabinlar qalbidan chuqur joy olgan ushbu festivalning navbatdagi anjumani mamlakatimizda milliy kino san’atimizning 115 yillik sanasi keng nishonlanayotgan bir paytda bo‘lib o‘tayotgani ramziy ma’noga ega. Eng muhimi, Toshkent xalqaro kinofestivaliga bo‘lgan e’tibor va qiziqish dunyo miqyosida tobora ortib bormoqda.
Bu galgi kinoforumda jahonning 50 dan ortiq davlatidan qariyb 300 nafar iste’dodli kino ustalari, qator xalqaro tashkilotlarning vakillari ishtirok etayotgani ham shundan dalolat beradi.
So‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonda barcha yo‘nalishlar qatori kinematografiya sohasini rivojlantirishga ham alohida ahamiyat qaratilib, uning zamonaviy infratuzilmasi va mustahkam moddiy-texnik bazasi yaratilmoqda.
Kino san’ati vakillari, tizimda xizmat qilayotgan xodimlarning samarali faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berish, sohada nodavlat sektorni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ham ijobiy natijasini bermoqda.
Bugun o‘z ishini boshlayotgan XV Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida o‘tkaziladigan filmlar namoyishlari, ijodiy uchrashuv va muloqotlar barcha ishtirokchilarga qizg‘in ijodiy kayfiyat va ilhom bag‘ishlab, ularni yangi-yangi rejalar sari ruhlantiradi, deb umid bildiraman.
Shuningdek, navqiron kinoijodkorlar o‘rtasida qisqa metrajli filmlar yaratish bo‘yicha tashkil etiladigan ijodiy tanlov ular uchun o‘ziga xos tajriba va mahorat maktabi vazifasini o‘tashi shubhasiz.
Festival davomida sizlar O‘zbekistonda nafaqat kinematografiya sohasida, balki barcha ustuvor yo‘nalishlarda inson qadri va manfaatlarini ta’minlash yo‘lida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bilan ham bevosita tanishish, san’atsevar xalqimiz bilan yaqindan muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘lasizlar.
Siz, azizlarni XV Toshkent xalqaro kinofestivalining tantanali ochilishi bilan yana bir bor qutlab, ushbu anjuman chinakam san’at bayrami, tinchlik va do‘stlik ramziga aylanadi, deb ishonaman.
Fursatdan foydalanib, barchangizga mustahkam salomatlik, ijodiy yutuqlar, kinofestival ishiga esa muvaffaqiyatlar tilayman.